Эстер 7 - Muqaddas Kitob7–BOB Xomon dorga osiladi 1 Shoh va Xomon malika Ester bilan yeb–ichish uchun unikiga kelishdi. 2 Ular ikkinchi kuni ham sharobxoʻrlik qilishayotganda, shoh Esterga yana aytdi: — Qanday istaging bor, malika Ester? Istaging qondiriladi. Qanday iltimosing bor, malikam? Yarim shohlikni soʻrasang ham, beriladi. 3 Shundan keyin malika Ester gapirdi: — Shoh hazratlari! Agar oʻzlari mendan mamnun boʻlsalar, agar shohim maʼqul koʻrsalar, istagim shuki, jonimni saqlab qolsinlar, tilagim shuki, mening xalqim joniga rahm qilsinlar! 4 Men va mening xalqim yer yuzidan yoʻq qilinish uchun, oʻldirilish va qirilish uchun sotilganmiz. Agar biz qul va choʻri qilib sotilganimizda edi, ovozimni chiqarmasdim. Oʻsha dushmanning qilmishi uchun shohimizni bezovta qilish arzimas ish boʻlardi. 5 Shoh Axashverash malika Esterdan: — Kim u? Qani oʻsha odam? Kim shunday qilishga jurʼat etdi? — deya soʻradi. 6 — Zararkunanda, gʻanim, yovuz Xomon! — dedi Ester. Shu zahoti Xomon shoh bilan malika qarshisida vahimaga tushdi. 7 Shoh gʻazab bilan dasturxondan turdi–yu, saroy bogʻiga qarab ketdi. Xomon esa malika Esterdan “Jonimni qutqargin”, deb yolvorish uchun qoldi, chunki shohdan oʻziga nisbatan yovuz qismat tayin etilganini u bilib turardi. 8 Shoh bogʻdan saroyning ziyofat boʻlayotgan xonasiga qaytganda, Xomon Ester yonboshlab oʻtiradigan oʻrindiqqa mahkam yopishib yotgan edi. Shoh bu ahvolni koʻrdi–yu: — Oh–ho, men uyda ekanimda malikaning nomusiga tegmoqchi boʻldingmi? — deb baqirdi. Shoh gapini tugatar–tugatmas, Xomonning yuzini yopdilar. 9 Shohning mulozimlaridan biri Xarbona aytib qoldi: — Ha, aytganday, Xomon uyining oldiga ellik tirsakli dor tayyorlab qoʻygan. Bu dorga Mardoxayni osmoqchi. Mardoxay esa shohimizni ogohlantirib uning hayotini saqlab qolgan. — Oʻsha dorga Xomonning oʻzini osinglar! — deb farmon berdi shoh. 10 Mardoxay uchun tayyorlab qoʻyilgan dorga Xomonning oʻzini osdilar. Shundan soʻnggina shohning gʻazabi bosildi. |
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020
Institute for Bible Translation, Russia