Online Bible

- Reklamy -

Qoʻshiq 1 - Muqaddas Kitob


1–BOB

1 Sulaymonning eng goʻzal qoʻshigʻi. Oʻpgin meni lablaring bilan, Sening sevging sharobdan ham shirinroqdir.


Birinchi qoʻshiq Qiz :

2 Atir moylaring qanchalik xushboʻy! Yoqimli atir kabi noming har tarafga taralar. Shuning uchun qizlar seni sevarlar.

3 Meni oʻzing bilan olib ket, tezroq boraylik. Ey shohim, meni oʻz yotogʻingga olib kirgin. Ey shohimiz, biz quvonamiz. Siz bilan sevinamiz, Sharobdan ham koʻproq sizning sevgingizni maqtaymiz. Ey sevgilim! Qizlar seni sevib, toʻgʻri qilishadi.


Quddus qizlari: Qiz:

4 Ey Quddus qizlari! Men qorachadan kelgan boʻlsam ham goʻzalman, Kedar chodirlariday qora boʻlsam ham, Sulaymon pardalariday chiroylidirman.

5 Qoraligim uchun menga past nazar bilan qaramanglar. Quyosh nurlari meni qoraytirdi. Aka–ukalarimning mendan jahli chiqib, Meni uzumzorlar qorovuli qilib qoʻyishdi, Ammo oʻz uzumzorimga qaray olmadim!

6 Sevgilim, menga aytgin–chi, Qayerda oʻz podangni boqasan? Tush vaqti ularni qayerga yotqizasan? Ayt menga, yana podachi doʻstlaring oldida Uyatsiz ayollarday boʻlib yurmay, axir.


Yigit:

7 Qayerdaligimni bilmasang, Ey goʻzallarning goʻzali, Podaning izlaridan borgin. Choʻponlarning chodirlari oldida Oʻz echkilaringni oʻtlatgin.

8 Ey sevgilim, Sen firʼavn aravasiga qoʻshilgan uchqur otday goʻzalsan.

9 Ziraklaring tufayli yonoqlaring goʻzaldir, Marvaridlar boʻyningni qanday chiroyli qilar.

10 Senga atab tilladan bezaklar, Kumushdan taqinchoqlar yasattiraman.


Qiz:

11 Shohim yonboshlab yotganda, Atirlarim oʻz hidini taratdi.

12 Koʻkraklarim orasida yotgan, Xushboʻy mirraga toʻla xaltacha kabidir mening sevgilim.

13 U men uchun En–Gedi bogʻlaridagi Xina gullaridaydir.


Yigit:

14 Goʻzaldirsan, ey sevgilim, Sen goʻzalsan! Koʻzlaring kabutar koʻzlariday nazokatlidir.


Qiz:

15 Chiroylisan, ey sevgilim, Juda ham xushroʻydirsan, Yam–yashil maysalar bizning toʻshagimizdir.

16 Sadr daraxtlari tomimiz boʻlsa, Archalar tomimiz sinchlaridir.

© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020

Institute for Bible Translation, Russia
Následuj nás:



Reklamy